
O‘zbekiston o‘zini Markaziy Osiyoning yangi texnologiya va logistika markazi sifatida ko‘rsatmoqda va xalqaro kompaniyalar bunga e’tibor qaratmoqda. ITF Group bosh direktori Sem Burxan FreightWaves nashriga mamlakatning raqamli iqtisodiyoti o‘sishi va AQSh bilan savdo aloqalari logistika hamda dasturiy ta’minot kompaniyalarini Toshkentga jalb qilayotganini aytdi.
Raqamlarda IT Park
IT Park Uzbekistan — Prezident tashabbusi bilan tashkil etilgan, davlat qo‘llab-quvvatlaydigan texnologiyalar parki. Unda 600 dan ortiq logistika va yuk tashish kompaniyasi rasman ro‘yxatdan o‘tgan. DHL, Cisco, Coca-Cola va Procter & Gamble kabi global brendlar ham rezidentlar qatorida. Rezidentlar uchun:
- IT kompaniyalari uchun 0% soliq stavkasi
- ko‘p tilli yordam xodimlari
- davlat qo‘llab-quvvatlaydigan firibgarlikka qarshi tashabbuslar
AQShning elektron tijorat va yuk tashish kompaniyalari bu yerga arzon, ingliz tilini biladigan mutaxassislar va barqaror ish sharoiti uchun kelmoqda. Burxanning so‘zlariga ko‘ra, aholining 60 foizi 30 yoshdan yosh, savodxonlik esa 99 foizni tashkil etadi — bu yosh dasturchilarning katta zaxirasini yaratadi. Mamlakat Hindiston va Filippindagi an’anaviy autsorsing markazlariga arzonroq muqobil bo‘lishni maqsad qilgan.
AQSh bilan savdo
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil sentabrida Nyu-Yorkka tashrifi chog‘ida 10 milliard dollardan ortiq savdo va investitsiya kelishuvlari imzolandi. Eng yirigi — Uzbekistan Airways’ning 8 milliard dollardan ortiq qiymatdagi 22 tagacha Boeing 787 Dreamliner samolyotiga buyurtmasi. Boeing Transport vazirligi bilan aviatsiya sohasini rivojlantirish bo‘yicha memorandum ham imzoladi.
AQSh Savdo vakili ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo 8,1 foizga o‘sib, 1 milliard dollarga yetdi. O‘sishning asosiy qismi texnika, aviatsiya ehtiyot qismlari va raqamli xizmatlarga to‘g‘ri keldi.
Logistika bozori uchun bu ko‘proq raqamli vositalar, yangi xalqaro hamkorlar va shaffof, texnologiyaga asoslangan yuk xizmatlariga talab ortishini anglatadi.
Manba: FreightWaves

